O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi huzuridagi Xususiylashtirish va davlat aktivlarini boshqarish muammolarini tadqiq etish markazi Barqaror rivojlanish yechimlari tarmog‘i (Sustainable Development Solutions Network — SDSN) xalqaro tashkilotiga a’zo bo‘ldi, ushbu tashkilot BMT Bosh kotibi shafeligida faoliyat yuritadi hamda dunyo bo‘ylab 2 200 dan ortiq ilmiy-tadqiqot, ta’lim va boshqa tashkilotlarni birlashtiradi. SDSN tarmog‘iga a’zolik Markaz uchun yetakchi xorijiy universitetlar va ilmiy-tadqiqot tashkilotlari bilan xalqaro ilmiy hamkorlikni kengaytirish, qo‘shma ilmiy va ekspertlik loyihalarini amalga oshirish, ilg‘or xalqaro tajriba almashish, xalqaro tadbirlarda ishtirok etish hamda ilmiy tadqiqotlar natijalarini xalqaro miqyosda targ‘ib qilish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi. Mazkur a’zolik davlat aktivlarini boshqarishni takomillashtirish, davlat ishtirokidagi korxonalarni transformatsiya qilish, ESG tamoyillari va korporativ ijtimoiy mas’uliyatni (CSR) joriy etish sohalaridagi ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish, shuningdek, O‘zbekistonda BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga (SDGs) erishishga qaratilgan ilmiy asoslangan takliflarni ishlab chiqishda alohida ahamiyat kasb etadi.

