Joriy yil 14-avgustdagi eʼlonga muvofiq, “Universal Mobile Systems” MChJ (keyingi oʻrinlarda – Jamiyat) ustav kapitalidagi 100 foiz davlat ulushini xalqaro ochiq savdo jarayonlari davom etmoqda.
Eslatib oʻtamiz, xalqaro savdo jarayonini samarali va shaffof tashkil etish maqsadida:
- strategik va moliyaviy konsultant sifatida – “Rothschild & Co”;
- moliyaviy konsultant sifatide, shuningdek moliyaviy, soliq va yuridik ekspertiza (vendor due diligence) uchun – “KPMG”;
- mustaqil baholovchi sifatida – “Deloitte” xalqaro kompaniyalari jalb etilgan.
Savdo jarayonining dastlabki EoI bosqichida belgilangan muddatda AQSh, Yevropa, Arab davlatlari, Yaqin Sharq, Kavkazorti, Sharqiy va Markaziy Osiyo mintaqalaridan 15 ta kompaniyalardan (xorijiy va mahalliy) Aktivni sotib olish boʻyicha qiziqish bildirish toʻgʻrisidagi arizalar (EoI) Konsultantlarga kelib tushgan hamda ularning barchasi keyingi – NBO bosqichiga oʻtkazilgan edi.
NBO bosqichida qoʻshimcha salohiyatli investorlarni jalb qilish ishlari davom ettirilib, EoI arizalarini qabul qilish jarayoniga keyinroq yana 1 nafar xorijiy kompaniyadan ham EoI arizasi kelib tushgan va NBO bosqichiga kiritilgan.
Mazkur bosqichda talabgorlar bilan Axborotni oshkor etmaslik toʻgʻrisidagi bitim (NDA)lar imzolangan hamda ularga Virtual maʼlumotlar xonasi (VDR) orqali Jamiyat faoliyatiga oid umumiy maʼlumotlar va tahliliy maʼlumotlar toʻplami (Information memorandum) bilan tanishish imkoniyati yaratilgan. Shuningdek, Konsultantlar tomonidan talabgorlarning savollariga javob berilgan.
NBO bosqichida belgilangan muddat – joriy yil 15-oktabrga qadar 10 ta talabgorlardan Majburiyatga ega boʻlmagan narx takliflari (NBO) taqdim etildi.
Konsultant tomonidan NBO bosqichida ariza bergan barcha talabgorlarga individual ravishda xabarnomalar yuboriladi, shuningdek, BO bosqichiga oʻtkazilgan talabgorlarga esa jarayon xati (Process letter) orqali navbatdagi bosqich toʻgʻrisida batafsil maʼlumot yetkaziladi.
Savdo jarayonining soʻnggi bosqichi toʻgʻrisida:
Talabgorlarga Majburiyatga ega boʻlgan takliflarini (BO) tayyorlash uchun Konsultantlar tomonidan tayyorlangan Jamiyatning moliyaviy, soliq va yuridik faoliyati boʻyicha kompleks tahliliy hisobotlari (vendor due diligence) joylangan virtual maʼlumotlar xonasi (VDR)ga kirish, shuningdek, Jamiyatga tashrif buyurish va uning faoliyati bilan tanishish imkoniyati yaratiladi.
Shuningdek, BO arizalarini taqdim etishdan avval, Konsultant tomonidan ishtirokchilarga Jamiyatni sotib olish va uning kelgusidagi faoliyati boʻyicha savdoning asosiy shartlari toʻgʻrisidagi Bitim (Term Sheet) imzolash uchun taqdim etiladi.
Konsultant tomonidan Majburiyatga ega boʻlgan takliflar (BO) 2025-yil 19-dekabr soat 23:59 (Toshkent vaqti bilan)ga qadar qabul qilinadi.
Shu bilan birga, mazkur muddatga qadar talabgorlar tomonidan “E-auksion” elektron savdo platformasida ochiladigan shaxsiy kabinetlari orqali Majburiyatga ega boʻlgan takliflarining kamida 1 foizini kafolatli toʻlov (zakalat) sifatida oʻtkazish talab etiladi. Bunda, mazkur kafolat toʻlovi (zakalat) jarayon yakunida ishtirokchilarga qaytariladi, xususiylashtirish jarayoni gʻolibi boʻlgan talabgorning kafolat toʻlovi (zakalati) – sotib olish toʻlovining bir qismi sifatida Xususiylashtirish jamgʻarmasiga oʻtkaziladi.
“E-auksion” elektron savdo platformasida ochiladigan shaxsiy kabinet va hisob-raqam koʻrsatkichlari Konsultant tomonidan ishtirokchilarga yuboriladigan jarayon toʻgʻrisidagi individual xat (Process Letter) orqali yetkaziladi.
Davlat aktivlari agentligi xususiylashtirish jarayoniga qiziqish bildirgan va arizalar topshirgan barcha ishtirokchilarga minnatdorchilik bildiradi hamda NBO bosqichidan muvaffaqiyatli oʻtgan talabgorlar bilan jarayonning navbatdagi bosqichida konstruktiv hamkorlikka ishonch bildiradi.
Diskleymer
Davlat aktivlari agentligi sotish jarayonining ketma-ketligini oʻzgartirish yoki potensial xaridorga (xaridorlarga) sotishni yoki sabablarini tushuntirmasdan istalgan vaqtda ular bilan muzokara olib borishni rad etish huquqini oʻzida saqlab qoladi.
Ushbu eʼlon yoki uning mazmunining biron-bir qismi mazkur eʼlon chop etilishidan kelib chiqib taxmin qilinishi mumkin boʻlgan Davlat aktivlari agentligining Jamiyatni sotish bilan bogʻliq biror-bir shakldagi majburiyati sifatida talqin qilinmasligi kerak. Davlat aktivlari agentligi oʻz xohishiga koʻra har qanday vaqtda va har qanday munosabatda, birgalikdagi yoki shaxsiy javobgarlikni oʻz zimmalariga olmasdan:
(i) Savdo jarayonining barcha bosqichlari muddatlariga oʻzgartirish kiritish;
(ii) turli xil manfaatdor tomonlar uchun turli xil tartib-qoidalar boʻyicha ish tutish va/yoki Davlat aktivlari agentligi tomonidan koʻzda tutilgan reja-jadval va tartib doirasida istalgan boshqa potensial xaridorni (xaridorlarni) oldindan ogohlantirmasdan chiqarib tashlagan holda bir yoki bir nechta potensial xaridorlar bilan muzokaralar olib borish;
(iii) aniq sababga koʻra sotish jarayonini toʻxtatish;
(iv) va/yoki istalgan vaqtda va sabablarni tushuntirmasdan Savdoga taalluqli boʻlgan har qanday potensial xaridor (xaridorlar) bilan har qanday muhokama va muzokaralarni olib borish/tugatish huquqlarini oʻzida saqlab qoladi.

