Mustaqillikning 35 yili davomida O‘zbekiston iqtisodiyoti keng ko‘lamli transformatsiya yo‘lini bosib o‘tdi. Ushbu jarayonning muhim yo‘nalishlaridan biri davlatning katta hajmdagi aktivlarni boshqarishdagi ustun rolini bosqichma-bosqich o‘zgartirish hamda xususiy kapital, tadbirkorlik va investitsiyalar yetakchi o‘rin tutadigan sharoitlarni shakllantirish bo‘ldi.
Davlat aktivlarini boshqarish va xususiylashtirish sohasida ham muhim islohotlar amalga oshirildi. Mazkur transformatsiya natijalari bugungi kunda aniq ko‘rsatkichlarda o‘z aksini topmoqda. Ushbu jarayonlar mustahkam huquqiy asosga ega bo‘ldi. 2023-yilda yangi “Davlat mulkini boshqarish to‘g‘risida”gi Qonun, 2024-yilda esa “Davlat mulkini xususiylashtirish to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilindi.
Xususiylashtirish hajmi 55 baravarga oshdi
So‘nggi yillarda davlat aktivlarini xususiylashtirish ko‘lami sezilarli darajada kengaydi.
2020-yilgacha bo‘lgan 10 yil davomida xususiylashtirishdan tushgan mablag‘lar atigi 1,1 trln so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, 2020–2025-yillarda ushbu ko‘rsatkich 77,6 trln so‘mga yetdi.
Xususiylashtirish jarayonlariga xalqaro amaliyotga mos zamonaviy mexanizmlar joriy etilmoqda. Jumladan, “sot yoki tushuntir” tamoyili asosida 2021–2025-yillarda davlat ishtirokidagi korxonalar soni 61 foizga qisqartirildi.
Yirik davlat aktivlariga xususiy kapital jalb qilinmoqda
Yirik va strategik aktivlarni xususiylashtirish orqali iqtisodiyotga xususiy va xorijiy kapitalni jalb etish borasida ham muhim natijalarga erishildi.
Jumladan, Coca-Cola Uzbekistan 252 mln AQSh dollariga, Ipoteka bank 324 mln AQSh dollariga, Samarqand avtomobil zavodidagi davlat ulushining 75,2 foizi esa 80 mln AQSh dollariga sotildi.
Mazkur bitimlar davlat aktivlarini samarali boshqarish, xususiy investorlarni jalb etish va davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini qisqartirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarning amaliy natijalarini ko‘rsatadi.
Zamonaviy rieltorlik xizmatlari bozori shakllanmoqda
2026-yilda “Rieltorlik faoliyati to‘g‘risida”gi yangi Qonun qabul qilinib, bozorni tartibga solishning yanada shaffof va raqamli modeliga o‘tish nazarda tutildi. Qonun bilan bozor ishtirokchilarining Yagona reyestri va mulk obyektlarini birgalikda taklif qilish imkonini beruvchi multilisting tizimi joriy etilmoqda. Bu rieltorlarga xizmatlarni “yagona oyna” tamoyili asosida ko‘rsatish, xaridorlar, sotuvchilar va bozor ishtirokchilari o‘rtasidagi hamkorlikni soddalashtirish imkonini beradi.
Rieltorlik tashkilotlari ko‘chmas mulk bilan bog‘liq bitimlarni amalga oshirishga ko‘maklashish, savdolarni tashkil etish, ishonchli boshqaruv, shuningdek, axborot, maslahat va reklama xizmatlarini ko‘rsatishi mumkin bo‘ladi.
Yer bozorida faollik ham ortmoqda
Yer uchastkalaridan foydalanish va ularni xususiylashtirish sohasida ham ijobiy dinamika kuzatilmoqda. 2022–2025-yillarda mulk huquqi va ijara huquqi asosida auksionlarga chiqarilgan va realizatsiya qilingan yer uchastkalari hajmi qariyb 4 baravarga oshdi.
2026-yilning birinchi yarmida 1,8 ming gektar yer uchastkasi realizatsiya qilindi. Bu 2022-yildagi yillik ko‘rsatkichdan sezilarli darajada yuqori.
Bundan tashqari, jismoniy va yuridik shaxslarning qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish bo‘yicha murojaatlari soni 2022-yilga nisbatan qariyb 5 baravarga oshdi.
“E-auksion” orqali qariyb 1,5 mln obyekt savdoga chiqarildi
Davlat aktivlarini realizatsiya qilish jarayonlarida raqamli mexanizmlardan foydalanish ko‘lami ham kengaymoqda.
Bugungi kunga qadar “E-auksion” elektron savdo platformasi orqali qariyb 1,5 mln obyekt savdoga chiqarildi, shundan 1,2 mln dan ortig‘i realizatsiya qilindi.
Tadbirkorlarning davlat aktivlarini xarid qilish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida bir qator yangi mexanizmlar joriy etildi. Jumladan, aktiv qiymatini bo‘lib-bo‘lib to‘lash, belgilangan hollarda chegirmalardan foydalanish, shuningdek, davlat mulkini keyinchalik to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotib olish imkoniyati bilan uzoq muddatli ijara asosida olish imkoniyatlari yaratildi.
2030-yilgacha davlat ishtirokini yanada qisqartirish rejalashtirilgan
Islohotlarning keyingi bosqichida iqtisodiyotda nodavlat sektor ulushini yanada oshirish va davlat ishtirokini qisqartirish asosiy yo‘nalishlardan biri bo‘lib qoladi.
2030-yilga qadar nodavlat sektor ulushini 85 foizga yetkazish, shuningdek, davlat ishtirokidagi korxonalar sonini qariyb 6 baravarga qisqartirish rejalashtirilgan.
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlar davlat mulkidan samarali foydalanish, xususiylashtirish jarayonlarining shaffofligini oshirish, xususiy kapital va investitsiyalarni jalb etish, shuningdek, tadbirkorlik uchun yangi imkoniyatlar yaratishga qaratilgan.
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi
Axborot xizmati

