Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida 2026-yil 24-fevral kuni oʻtkazilgan “Yoshlar bilan ularning tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha qoʻshimcha imkoniyatlarga bagʻishlangan muloqot”da belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida har hafta payshanba kuni “Yoshlar kuni” etib belgilangan. Mazkur tashabbus doirasida Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida Davlat aktivlarini boshqarish agentligi rahbariyati ishtirokida talabalar bilan “Rahbar va yoshlar uchrashuvi” hamda oʻzaro hamkorlik toʻgʻrisidagi memorandumni imzolash marosimi boʻlib oʻtdi.
Tadbirda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori Sohibjon Murodov, universitet rektori, iqtisodiyot fanlari doktori, professor To‘lqin Teshabayev, professor-o‘qituvchilar hamda talaba-yoshlar ishtirok etdi.
Uchrashuvda Davlat aktivlari agentligi bo‘limi boshlig‘i tomonidan tashkilot faoliyati, asosiy yo‘nalishlari hamda amalga oshirilayotgan islohotlar haqida taqdimot qilindi. Unda davlat ulushi mavjud korxonalarni samarali boshqarish, xususiylashtirish jarayonlari hamda korporativ boshqaruv standartlarini joriy etish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Shundan so‘ng Davlat aktivlari agentligi direktori Sohibjon Murodov so‘zga chiqib, mamlakatimizda yoshlarni qo‘llab-quvvatlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanini ta’kidladi. Oliy ta’lim muassasalari bilan amaliy hamkorlikni kengaytirish, malakali kadrlar tayyorlash va yoshlarning salohiyatini ro‘yobga chiqarish muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi.
Shuningdek, talabalar uchun amaliyot, stajirovka va real loyihalarda ishtirok etish imkoniyatlarini kengaytirish orqali nazariy bilimlarni amaliyot bilan uyg‘unlashtirish zarurligi alohida ta‘kidlandi. Davlat aktivlari agentligi tomonidan iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va ularni kelgusida ish bilan ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratilishi bildirildi.
Tadbir davomida universitet rektori To‘lqin Teshabayev ham so‘zga chiqib, oliy ta’lim va amaliyot integratsiyasini kuchaytirish, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega mutaxassislar tayyorlashda bunday hamkorlik muhim o‘rin tutishini ta’kidladi.
Uchrashuv yakunida Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti va Davlat aktivlarini boshqarish agentligi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolandi.
Mazkur hujjat oliy ta’lim va amaliyot o‘rtasidagi hamkorlikni tizimli yo‘lga qo‘yish, ilmiy-tadqiqot ishlarini rivojlantirish hamda ta’lim, ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini chuqurlashtirishga qaratilgan.
Shuningdek, memorandum doirasida talabalarni amaliyotga jalb qilish, bitiruvchilarni ish bilan ta’minlash, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar olib borish hamda seminar va uchrashuvlar tashkil etish kabi yo‘nalishlarda hamkorlik yo‘lga qo‘yilishi belgilandi.

