2026-yil 19-oktyabr kuni Samarqand shahrida C5+1 High Level Business Sessions doirasida O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlari agentligi va Amerikaning “Auerbach Grayson” moliya kompaniyasi o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.
Hujjat O‘zbekistonda davlat aktivlarini xususiylashtirish jarayonlariga xalqaro sarmoyadorlar, shu jumladan, AQSh investitsiya kompaniyalari va institutsional investorlarini jalb etish, shuningdek, mamlakatning investitsiyaviy imkoniyatlarini xalqaro moliya bozorlarida keng targ‘ib qilishga qaratilgan.
Erishilgan kelishuvlarga muvofiq, Auerbach Grayson Agentlikka xususiylashtirish loyihalarida ishtirok etishga qiziqish bildirgan salohiyatli xorijiy investorlarni aniqlash, ular bilan ishbilarmonlik aloqalarini o‘rnatish hamda O‘zbekistonning investitsiyaviy takliflarini ilgari surishda ko‘maklashadi. Bunda AQSh institutsional investorlari va moliya institutlari bilan hamkorlikni kengaytirishga alohida e’tibor qaratiladi.

Tadbir doirasida Davlat aktivlari agentligi direktori Sohibjon Murodovning Auerbach Grayson prezidenti Nixil Bhatnagar bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda tomonlar O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar, davlat aktivlarini xususiylashtirishning istiqbolli yo‘nalishlari hamda xorijiy investitsiyalarni jalb etish mexanizmlarini yanada takomillashtirish masalalarini muhokama qildilar.
1993-yilda Nyu-York shahrida tashkil etilgan “Auerbach Grayson” kompaniyasi institutsional investorlarga brokerlik xizmatlarini ko‘rsatish va ularning xalqaro kapital bozorlariga kirish imkoniyatlarini ta’minlashga ixtisoslashgan. Kompaniya O‘zbekiston bilan hamkorlik tajribasiga ega bo‘lib, O‘zbekiston Milliy investitsiya jamg‘armasi (UzNIF) aksiyalarini London va Toshkent fond birjalarida xalqaro bozorga chiqarish jarayonida hamkor tashkilotchilardan biri sifatida ishtirok etgan.
Memorandumning imzolanishi O‘zbekistonning xususiylashtirish loyihalariga yangi xorijiy sarmoyadorlarni jalb etish, mamlakatda Amerika investitsiya kapitali ishtirokini kengaytirish hamda O‘zbekistonning xalqaro moliya bozorlaridagi mavqeini mustahkamlash bo‘yicha amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish uchun asos yaratadi.

