Yangiliklar

09 Dekabr 2025

Davlat aktivlari agentligida O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni hamda Aksilkorrupsiya oyligi doirasida davra suhbati o‘tkazildi

Davlat aktivlarini boshqarish agentligida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 33 yilligi hamda “9 dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni” munosabati bilan davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Davlat aktivlari agentligining markaziy apparati, hududiy boshqarmalari hamda idoraviy tizim tashkilotlari xodimlari ishtirok etdi. Mazkur uchrashuv Davlat aktivlari agentligi direktori o‘rinbosari raisligida tashkil etilib, Toshkent davlat yuridik universiteti professori, yuridik fanlari doktori Salomat Niyozova hamda Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti dotsenti, yuridik fanlari nomzodi Rafik Shakurov ma’ruzachi sifatida taklif etildi.

 

 

Tadbir davomida Konstitutsiya qabul qilinganining o‘ttiz uch yilligi munosabati bilan mamlakatda olib borilayotgan keng qamrovli islohotlarning mazmun-mohiyati, yangi tahrirdagi Konstitutsiyada belgilangan inson qadri, tenglik, erkinlik va adolat tamoyillarining davlat boshqaruvi hamda ijtimoiy hayotdagi ahamiyati yoritib berildi. Shuningdek, Davlat aktivlari agentligi xodimlarining ushbu qadriyatlarni jamiyatga yetkazishdagi mas’uliyati alohida ta’kidlandi.

 

 

Rafik Shakurov Konstitutsiyaning yangi tahriri demokratik tamoyillarni amaliyotga yanada chuqurroq tatbiq etish uchun mustahkam huquqiy zamin yaratganini, xususan davlat organlari faoliyatida ochiqlik, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta’minlash, mulk daxlsizligi va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash borasida belgilangan normalarning dolzarbligini ta’kidladi. U Konstitutsiyada belgilangan asosiy tamoyillar Davlat aktivlari agentligi faoliyatida ham kundalik ish jarayonining ajralmas qismiga aylanishi zarurligini aytib o‘tdi.

 Davra suhbatining ikkinchi qismida korrupsiyaga qarshi kurashish masalalari, xususan Aksilkorrupsiya oyligi doirasida amalga oshirilayotgan ishlarga to‘xtalib o‘tildi. 2025-yilda Davlat aktivlari agentligi markaziy apparati va hududiy boshqarmalaridan jami 375 nafar xodim “Korrupsiyaga qarshi kurashish virtual akademiyasi” platformasida malaka oshirgani, tizimda axborot ochiqligini kuchaytirish va manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish bo‘yicha yangilangan ichki tartib va hujjatlar joriy etilgani ma’lum qilindi.

 

 

Mazkur yo‘nalishda taqdimot qilgan Salomat Niyozova korrupsiyaning ijtimoiy oqibatlari, davlat xizmatidagi ochiqlik va hisobdorlikning ahamiyati hamda manfaatlar to‘qnashuvining oldini olishda xalqaro tajriba haqida fikr bildirdi. Shuningdek, u korrupsiyaga qarshi kurashish madaniyatini kuchaytirish uchun tizim xodimlarining huquqiy savodxonligini oshirish muhimligini qayd etdi.

 Tadbir yakunida korrupsiyaga qarshi kurashish va davlat xizmatida shaffoflikni ta’minlash Davlat aktivlari agentligi faoliyatining doimiy ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekani ta’kidlandi. Shuningdek, Konstitutsiyada belgilangan tamoyillarni hayotga tatbiq etish, fuqarolarning ishonchini oshirish va davlat boshqaruvida ochiqlikni mustahkamlash bo‘yicha ishlar izchil davom ettirilishi ma’lum qilindi.

143 Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech