Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan navbatdagi IV ochiq muloqotiga tayyorgarlik doirasida Davlat aktivlarini boshqarish agentligi hamda uning hududiy boshqarmalari tomonidan tadbirkorlar ishtirokida videokonferensaloqa shaklida ochiq muloqot tashkil etildi.

Muloqot davomida davlat mulki obyektlarini xususiylashtirish va ijaraga berish, davlat aktivlaridan samarali foydalanish, investitsiya loyihalarini amalga oshirish hamda tadbirkorlik faoliyatida uchrayotgan muammolar muhokama qilindi.

Tadbirkorlar tomonidan mavjud tartib-taomillarni soddalashtirish, boʻsh turgan davlat mulki obyektlaridan samarali foydalanish va biznesni rivojlantirishga qaratilgan qator takliflar bildirildi. Koʻtarilgan masalalar yuzasidan masʼullar tomonidan atroflicha tushuntirishlar berildi hamda murojaatlarni hal etish boʻyicha tegishli choralar belgilandi.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tadbirkorlar bilan ochiq va samarali muloqotni yoʻlga qoʻyish, ularning taklif va tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash hamda ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash boʻyicha ishlarni izchil davom ettiradi.

