Bugun Cbonds kompaniyasi tomonidan tashkil etilgan VIII Xalqaro “O‘zbekiston Respublikasi kapital bozori” konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Konferensiyaning “O‘zbekiston bozori: asosiy o‘zgarishlar va rivojlanish istiqbollari” mavzusidagi yalpi sessiyasida Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktorining o‘rinbosari Alisher Miraliyev joriy yilda tasdiqlangan yangi xususiylashtirish dasturi yuzasidan ma’ruza bilan ishtirok etdi.
Direktor o‘rinbosari o‘z nutqida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 29-avgustdagi PF–177-son Farmoni bilan tasdiqlangan 2026-yilgi Xususiylashtirish dasturining asosiy yo‘nalishlari va unda nazarda tutilgan yangi imkoniyatlar haqida batafsil ma’lumot berdi.

Xususan, davlat aktivlarini xarid qiluvchilar uchun joriy etilgan yangi imtiyozlarga alohida e’tibor qaratildi. Unga ko‘ra, davlat aktivlarini sotib olishda boshlang‘ich to‘lov miqdori 35 foizdan 15 foizgacha kamaytirildi, qolgan to‘lov summasiga esa foizlar hisoblanmaydi. Shuningdek, to‘lov sxemasidan kelib chiqib 5–7 yilgacha muddatga foizsiz bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati yaratilgan. Xaridor shartnoma qiymatini olti oy davomida to‘liq to‘lagan taqdirda esa shartnoma summasining 25 foizi miqdorida chegirma taqdim etiladi.
“Prezident Farmoni iqtisodiyotga xususiy kapitalni jalb etish uchun mutlaqo yangi sharoitlarni yaratmoqda. Biz investorlar uchun dastlabki moliyaviy yukni keskin kamaytirdik — boshlang‘ich to‘lov miqdori ikki baravardan ko‘proq qisqartirildi. Shu bilan birga, sotuvga chiqarilayotgan aktivlar ro‘yxati ham sezilarli kengaytirildi. Bu esa tadbirkorlar va investorlar uchun mamlakatning barcha hududlaridagi davlat aktivlariga yangi imkoniyatlar, preferensiyalar va imtiyozlar asosida amaliy kirishni ta’minlaydi”, — dedi Alisher Miraliyev.
Ta’kidlanganidek, Cbonds konferensiyasi nafaqat xususiylashtirish masalalariga, balki O‘zbekiston kapital bozorini rivojlantirishning kengroq kun tartibiga — qarz bozori tartibga solinishi, kapital jalb etish instrumentlari hamda raqamli moliyaviy vositalarni rivojlantirish masalalariga ham bag‘ishlandi.
Tadbir ishtirokchilari tadbirkorlar uchun yaratilayotgan yangi imkoniyatlar va mexanizmlarni yuqori baholab, ularning investitsiyaviy jozibadorlikni oshirish hamda investorlarning xususiylashtirish jarayonlaridagi ishtirokini kengaytirishdagi muhim ahamiyatini alohida ta’kidladilar.
Davlat aktivlari agentligi
Matbuot xizmati

