Bo‘sh turgan yerlar elektron auksionga chiqariladi, tushgan mablag‘lar esa hududiy infratuzilmani rivojlantirish va sug‘orish tizimlariga sarflanadi.
Bo‘sh yerlar 10 kun ichida elektron auksion savdolariga chiqariladi. Qishloq xo‘jaligi yerlaridan foydalanishda yangi tartib o‘rnatiladi.
Prezident tomonidan 2025 yil 12 sentyabr kuni “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarda mahsulot yetishtirishning uzluksizligini ta’minlash va yeridan foydalanish samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF–172-sonli Farmon imzolandi.
Unga ko‘ra, barcha tuman va shahar hokimliklari hududida mavjud bo‘sh yerlar 10 kun muddatda davlat yer kadastrida qayd etiladi va yana 10 kun ichida elektron auksion savdolariga chiqariladi.
Auksionlardan tushgan mablag‘lar esa hududiy infratuzilmani rivojlantirish, jumladan, suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish, sug‘orish tizimlarini modernizatsiya qilish va yangi yerlarni o‘zlashtirishga yo‘naltiriladi.
Farmon bilan, shuningdek, qishloq xo‘jaligi yerlarini qismlarga bo‘lib qayta ijaraga berish huquqi joriy etildi. Endilikda ijara huquqi asosida ajratilgan yerlarning bir qismini boshqa shaxsga ijaraga berish mumkin bo‘ladi. Shu bilan birga, qishloq xo‘jaligi yerlariga faqat ijara huquqi tan olinishi qat’iy belgilandi.
Ijara muddati O‘zbekiston fuqarolari va ularning tashkil etgan korxonalari uchun 30 yil, chet el investitsiyasi ishtirokidagi korxonalar uchun esa 25 yil etib belgilandi.
Jamshidbek ISROILOV,
“Elektron-onlayn auksionlarni tashkil etish” AJ
Andijon viloyati hududiy vakili