Yangiliklar

13 Aprel 2026

Agentlik direktorining murojaati

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori

Murodov Sohibjon Gʻofurjonovichning korrupsiyaga qarshi kurashish

boʻyicha jamoatchilik va tizim xodimlariga

MUROJAATI

 

          Qadrli yurtdoshlar, hurmatli hamkasblar!

         Barchangizga maʼlumki, soʻnggi yillarda korrupsiyaga qarshi kurashish davlat siyosati darajasiga koʻtarildi. Muhtaram Prezidentimiz Mirziyoyev Shavkat Miromonovichning 2025-yil 26-dekabrda Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga Murojaatnomasida keltirgan quyidagi fikrlari korrupsiyaga qarshi kurashish mamlakatimizda naqadar muhim ahamiyat kasb etishini yaqqol koʻrsatib beradi: “Korrupsiya – davlat taraqqiyotiga toʻsiq boʻladigan, adolat va qonun ustuvorligini izdan chiqaradigan, jamiyatda ishonch muhitini zaiflashtiradigan eng jiddiy tahdid. Korrupsiyaga yoʻl qoʻyish esa – islohotlarimizga xiyonatdir. Bu illatga qarshi kurashish boʻyicha 2026-yilda “favqulodda holat” eʼlon qilamiz”.

         Davlat boshqaruvining koʻplab tarmoqlari qatorida Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tizimida ham korrupsiyaning oldini olish, faoliyatni raqamlashtirish, ochiqlikni taʼminlash borasida bir qator ishlar amalga oshirildi. Xususan, oʻtgan qisqa vaqt mobaynida:

davlat koʻchmas mulk obyektlari va yer uchastkalarini xususiy sektorga realizatsiya qilish va ijaraga berishning ochiq va shaffof usuli hisoblangan onlayn-auksion tizimi joriy etildi;

iqtisodiyotda davlat ishtiroki qisqartirilib, davlat ishtirokidagi mavjud korxonalarning faoliyati ochiqligi taʼminlandi;

baholovchi va rieltorlar malaka sertifikatini, baholovchi toifa guvohnomasini hamda sud boshqaruvchisi malaka attestatini berishda inson omilidan voz kechilib, jarayon toʻliq raqamlashtirildi.

         Taʼkidlash joizki, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tizimida “korrupsiyadan holi” muhitni yaratish, byurokratiya va manfaatlar toʻqnashuvi holatlariga batamom chek qoʻyish boʻyicha amaliy harakatlarni izchil davom ettiramiz.

         Aziz yurtdoshlar, sohaning fidoyi zahmatkashlari!

         Korrupsiyaga qarshi kurashish barchamiz uchun kundalik hayotimizning ajralmas qismi, asosiy vazifalarimizdan biriga aylanishi kerak. Zero, Davlatimiz Rahbari Sh.Mirziyoyev aytganlaridek – “Korrupsiyaning har qanday koʻrinishiga murosasiz boʻlish kundalik hayot tarzimizga aylanishi shart. Bu illatga qarshi kurashishga barcha davlat organlari, siyosiy partiyalar, jamoat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari, umuman, har bir fuqaro safarbar etilishi zarur.”.

         Shunday ekan, Davlat aktivlari agentligi tizimidagi har bir xodim oʻz faoliyatida korrupsiya holatlarining oldini olishga va unga chek qoʻyishga masʼul ekanligini yana bir bor taʼkidlab oʻtmoqchiman.

         Oʻz navbatida, fuqarolarimizga tizim xodimlarining har qanday korrupsiyaviy yoki boshqa turdagi noqonuniy xatti-harakatlariga guvoh boʻlganingizda, shuningdek xodimlarning bunday harakatlarga aloqasi borligi haqida ishonchli maʼlumotlarga ega boʻlganingizda, Davlat aktivlari agentligining “1082” qisqa raqami, 71-259-21-37 “Ishonch telefoni”, “@davaktiv_murojaat_bot” rasmiy telegram boti yoki “cs@davaktiv.uz” elektron pochta manzili orqali oʻz murojaatlaringizni yoʻllashingiz mumkinligini maʼlum qilaman.

       Soʻzim soʻngida, Davlat aktivlari agentligi tizimida mehnat qilayotgan barcha xodimlarni korrupsiya holatlarining har qanday koʻrinishlariga nisbatan murosasiz munosabatda boʻlishga, oʻz xizmat vazifalarini halol va xolis bajarishga chaqirib qolaman.

         Hurmat bilan,                                                                                                                                                 

         Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish

        agentligi direktori Sohibjon Murodov

2 Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech