Yangiliklar

30 Iyun 2025

1-iyuldan O‘zbekistonda nimalar o‘zgaradi?

Pensiya va nafaqalar miqdori oshiriladi, tadbirkorlarga soliq imtiyozlari beriladi, qurilishda eskrou hisobvaraqlari tizimi ishga tushadi, shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarning elektron shakli tan olina boshlanadi — O‘zbekistonda 1-iyuldan nimalar o‘zgaradi?

1-iyundan O‘zbekiston qonunchiligida bir qator o‘zgarishlar va boshqa yangiliklar kuchga kiradi. Sharh Gazeta, Adliya vazirligi va Lex.uz saytlari materiallari asosida tayyorlandi.

Pensiya va nafaqalar oshadi

O‘zbekistonda 1-iyuldan pensiya va nafaqalar 10 foizga oshiriladi. Tegishli prezident farmoni ilovasida fuqarolarga to‘lanadigan boshqa pensiyalar va nafaqalar miqdorlari ham keltirib o‘tilgan:

  • zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa yoshdagi fuqarolarga beriladigan nafaqa miqdori — oyiga 820 ming so‘m;
  • belgilangan yoshga doir eng kam pensiya miqdoridan (918 ming so‘mdan) 1 mln 12 ming so‘mgacha pensiya oluvchilarning yoshga doir pensiyalari miqdori — oyiga 1 mln 12 ming so‘m;
  • mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nogironlik nafaqasi va bolalikdan nogironligi bo‘lgan shaxslarga beriladigan nafaqa miqdori — oyiga 1 mln 12 ming so‘m.

Kam ta’minlangan oilalarga bolalar nafaqasining har oylik miqdori quyidagicha bo‘ladi:

  • 3 yoshgacha bo‘lgan bitta kichik farzandi uchun — 360 ming so‘m,
  • 3 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan bitta farzandi uchun — 275 ming so‘m,
  • oilaning ikkinchi farzandi uchun qo‘shimcha — 165 ming so‘m;
  • oilaning uchinchi va undan keyingi har bir farzandi uchun qo‘shimcha — 110 ming so‘m.

Kam ta’minlangan oilalar uchun moddiy yordamning oylik miqdori — 420 ming so‘m.

Nogironlar uchun pensiya avtomatik ravishda tayinlanadi

1-iyuldan boshlab nogironlar (I yoki II guruh) pensiya va kompensatsiya olish uchun ariza topshirishlari shart emas — to‘lovlar avtomatik tarzda tayinlanadi. Bundan tashqari, fuqaro proaktiv shaklda tayinlangan pensiyadan voz kechishi mumkin bo‘ladi.

Tadbirkorlarning ziplayn va kanatli parklar yaratish xarajatlari qisman qoplab beriladi

O‘zbekistonda 2025-yil 1-iyuldan 2027-yil 1-yanvargacha tadbirkorlar tog‘ va cho‘llarda ziplaynlar va kanatli parklar (tayparklar) tashkil etish uchun 100 mln so‘mgacha subsidiyalar olishlari mumkin bo‘ladi:

  • uzunligi kamida 200 metr bo‘lgan ziplayn — 100 mln so‘mgacha;
  • 150 kvadrat metrdan ortiq maydonli taypark — 80 mln so‘mgacha.

Subsidiyalar obyektlar foydalanishga topshirilgandan so‘ng ajratiladi.

Bolalar uchun kontent yaratuvchilarga soliq imtiyozlari beriladi

2025-yilning 1-iyulidan 20230-yilning 1-yanvarigacha yillik daromadining kamida 80 foizini bolalar uchun kontent yaratishdan oladigan kompaniyalar foyda solig‘i to‘lashdan ozod qilinadi va ijtimoiy soliqni 1 foiz miqdorida to‘laydi. Bundan tashqari, bolalar uchun mo‘ljallangan kontentlar yaratish bilan bog‘liq bo‘lgan xarajatlarda foyda solig‘ini hisoblashda chegirib tashlash huquqi beriladi.

Bir qator kompaniyalar to‘lov xizmatlariga ulanadi

O‘zbekistonda 1-iyuldan aholiga xizmat ko‘rsatuvchi budjet tashkilotlari, shuningdek, gaz, neft mahsulotlarini sotuvchi va mol-mulkini ijaraga beruvchi kompaniyalar elektron to‘lov tizimlariga ulanishi shart.

Elektron to‘lovlarni qabul qilishni rad etish terminallar orqali to‘lovni rad etishga tenglashtiriladi va qonunchilikka muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi.

11 ta davlat xizmati xususiy sektorga o‘tkaziladi

1-iyuldan boshlab tibbiyot muassasalarini akkreditatsiyadan o‘tkazish, hisoblagichlarni tekshirish va transport vositalarini ekologik sertifikatlash kabi 11 ta davlat xizmati xususiy sektorga o‘tkaziladi (ro‘yxat).

Fuqarolarning quyosh batareyalari va issiqlik nasoslarini o‘rnatish xarajatlarining bir qismi qoplab beriladi

1-iyuldan boshlab Energiya samaradorligi milliy agentligi aholining turar joy binolarining energetika auditini o‘tkazish, shuningdek, energiya tejaydigan uskunalarni o‘rnatish xarajatlarining bir qismini qoplash uchun subsidiyalar ajratishni boshlaydi.

Xususan, subsidiyalar quyosh panellari va geliokollektorlar qiymatining 20 foizi va issiqlik nasoslari (havo, suv va geotermal) qiymatining 40 foizini, lekin BHMning 50 baravaridan (18,75 mln so‘m) oshmagan miqdorida ajratiladi.

Subsidiyalar faqat 2025-yil 1-sentabrgacha ishga tushirilishi rejalashtirilgan Energiya samaradorligini oshirish raqamli platformasi orqali sotib olingan uskunalarga tegishli.

Umumiy qurilishda eskrou hisob tizimi ishga tushiriladi

1-iyuldan 2025-yil 31-dekabrgacha qurilishga ulushdorlarning mablag‘larini jalb qilish eskrou hisobvaraqlari orqali hamda hozirda amalda bo‘lgan ulushli ishtirok etish tartibida to‘g‘ridan-to‘g‘ri jalb qilish mexanizmi bo‘yicha parallel ravishda taraflarning tanloviga ko‘ra bo‘ladi.

Biroq 2026-yil 1-yanvardan boshlab, qurilishni moliyalashtirishning yagona yo‘li eskrou hisob tizimi orqali amalga oshiriladi.

Loyiha Iqtisodiyot va moliya vazirligi ko‘magida Rossiyaning DOM.RF davlat kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda. Avvalroq Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri bu tashabbus fuqarolarning mablag‘larini himoya qilishini va quruvchilar pul olib, lekin binolarni qurmaslik kabi firibgarlik sxemalarini istisno qilishini ma’lum qilgan edi.

Uy-joy qurilishida “Yagona hayot sikli” tamoyili joriy etiladi

1-iyuldan “Uy-joyning yagona hayotiy sikli” tamoyilini amalga oshirish boshlanadi. Yangi tartib loyihalarni ulushdorlik asosida qurish jarayonida ulushdorlarning huquqlarini himoya qilishga qaratilgan.

Quruvchilar ulushdorlar mablag‘ini faqat notarial tasdiqlangan shartnomalar orqali jalb qilishi mumkin. Qurilish ishlarining kamida 30 foizi developerlarning o‘z mablag‘i hisobidan amalga oshirilishi kerak.

Ulushdorlar quruvchini elektron platforma orqali tekshirishi mumkin bo‘ladi

1-iyuldan uy-joy qurilishi bo‘yicha elektron platforma ishga tushirilishi rejalashtirilmoqda. Unda quruvchilar loyihasi haqidagi ma’lumotlarni e’lon qilishi kerak. Xaridor platformada quruvchining reytingi, avvalgi ishlari, muddatlarga amal qilishi va boshqa ma’lumotlarni tekshirishi mumkin bo‘ladi.

1-iyuldan boshlab elektron uy-joy qurilish platformasini ishga tushirish rejalashtirilgan.Xaridorlar platformada quruvchining reytingi, avvalgi loyihalari, obektlarni yetkazib berish muddatlariga muvofiqligi va boshqa maʼlumotlarni tekshirishlari mumkin boʻladi.

Ulushdorlarning mablag‘larini jalb qiladigan quruvchilar quyidagilarni platformaga joylashtirishi kerak:

  • qurilayotgan binoning aniq manzili;
  • qavatlar, kirish yo‘laklari, xonadonlari va noturar joylar soni;
  • maydon va unga tutash hudud;
  • moliyalashtiruvchi tijorat banki to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
  • sotilgan turar va noturar joylar;
  • loyiha-smeta hujjatlari va ijobiy ekspertiza xulosasi;
  • qurilishni boshlash sanasi va foydalanishga topshirish muddati;
  • qurilish holati va boshqa ma’lumotlar.

Shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarning elektron shakli ham rasman tan olinadi

1-iyuldan shaxsni tasdiqlovchi va boshqa hujjatlarning my.gov.uz dagi elektron shakli rasman tan olinadi. Ularning qog‘oz nusxalari banklarda, notarial idoralarda, aeroport, vokzal kabi tegishli hujjatlarni so‘raydigan tashkilotlarda talab etilmaydi.

O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tmagan elektron savdo platformalari faoliyati taqiqlanadi

1-iyuldan elektron tijorat operatorlari (elektron savdo platformasi, buyurtmalar agregatori va raqamli striming xizmati operatorlari) O‘zbekistonda yuridik shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tishi majburiy bo‘ladi.

Platformalardagi barcha operatorlar va sotuvchilar, shu jumladan, yakka tartibdagi tadbirkorlar elektron tijorat doirasida to‘lovlarni alohida bank hisob raqamlari orqali amalga oshirishlari shart.

Fuqarolar uchun “yashil” ta’mir kreditlari subsidiyalanadi

O‘zbekistonda 1-iyuldan boshlab energiya samaradorligini oshirish loyihalari uchun kreditlar va subsidiyalar ajratila boshlanadi. Dastur aholi va energiya xizmati kompaniyalarini qamrab oladi, shuningdek, uy-joylarni “yashil ta’mirlash” uchun imtiyozli kreditlash shartlarini ko‘zda tutadi.

Aholiga beriladigan “yashil ta’mir” kreditlari bo‘yicha foiz stavkasining bir qismi agentlik mablag‘lari hisobidan qoplanishi reja qilingan. Qoplash stavkaning 19 foizdan yuqori qismini, ammo 4 foiz punktidan oshmaydigan miqdorini o‘z ichiga oladi.

15 ta shahar va tumandagi hukumat binolari tadbirkorlarga beriladi

1-iyuldan boshlab 15 ta shahar va tumanidagi barcha davlat idoralari bitta ko‘p qavatli binoga ko‘chirila boshlaydi. Huquqni muhofaza qilish organlari, kommunal xizmatlar va tibbiyot muassasalari bundan mustasno.

Gap Qo‘ng‘irot, Chimboy, Asaka, G‘ijduvon, G‘allarol, Yakkabog‘, Xatirchi, Chortoq, Bulung‘ur, Sirdaryo, Denov, Quva, Shovot tumanlari hamda Yangiyo‘l, Marg‘ilon shaharlari haqida ketmoqda. Mazkur ro‘yxatga Iqtisodiyot va moliya vazirligining taklifiga asosan Vazirlar mahkamasining bayonnomasi bilan o‘zgartirishlar kiritilishi mumkin.

Loyiha idoralarining tavsiyalari asosida 10 ming kvadrat metrgacha bo‘lgan bo‘sh turgan davlat obyektlari yuqori texnologiyali mahsulotlar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlarga 5 yil muddatga tekin foydalanishga beriladi.

Kichik va o‘rta biznes yangi talablardan himoyalanadi

2025-yilning 1-iyulidan 2028-yilning 1-yanvarigacha kichik va o‘rta biznes subyektlari zimmasiga yangi majburiyatlar yuklatilishini nazarda tutadigan normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilishga мораторийe’lon qilinadi.

Tadbirkorlarga yangi tartibga solish vositalarini belgilashni yoki amaldagilarini kuchaytirishni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjatlarga nisbatan “yagona sanadan yangi qoidalar” tamoyili qo‘llanadi. Ya’ni ushbu normalar 1-yanvar yoki 1-iyuldan kuchga kiradi.

86 turdagi tovarga eksport bojxona bojlari joriy etiladi

1-iyuldan 86 turdagi tovarlar, jumladan, go‘sht mahsulotlari, bug‘doy, don, guruch, mineral o‘g‘itlar, charm xomashyosi, tabiiy gaz va boshqalar uchun eksport bojlari joriy etiladi hamda ularning stavkalari tasdiqlanadi. Maqsad eksport tartibini JST qoidalariga muvofiqlashtirish ekani ta’kidlangan.

Chegarani kesib o‘tishda majburiy avtosug‘urta joriy etiladi

1-iyuldan boshlab chegara orqali harakatlanayotgan avtotransport vositasi egasining fuqarolik javobgarligini sug‘urta qilish joriy etiladi. Ushbu holatda:

  • sug‘urta polisi bevosita bojxona postiga kirish vaqtida bojxona organlarining axborot tizimlari orqali rasmiylashtiriladi;
  • chet davlatlarda ro‘yxatdan o‘tkazilgan avtotransport vositalarini bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazish fuqarolik javobgarligi to‘g‘risida sug‘urta polisi mavjud bo‘lganda amalga oshiriladi.

Jamoat transporti uchun QQS imtiyozi bekor qilinadi

1-iyuldan boshlab yagona tarif bo‘yicha yo‘lovchi tashish xizmatlari aylanmasi uchun qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha imtiyoz bekor qilinadi.

Imtiyoz shahar jamoat transporti (taksilar, jumladan, yo‘nalishli taksilar mustasno) va shaharlararo poyezdlarda tashishga nisbatan qo‘llaniladi.

Yakka tartibdagi tadbirkorlarga uy sharoitida mebel ishlab chiqarishga ruxsat beriladi

1-iyuldan boshlab o‘z uylarida faoliyat yuritayotgan yakka tartibdagi tadbirkorlarga mebel ishlab chiqarish faoliyati bilan shug‘ullanish huquqi beriladi.

Shuningdek, 2027-yilning 1-iyuniga qadar mebel ishlab chiqaruvchi korxonalarda ishlab chiqarish jarayonlarini (CRM, ERP, PLM kabi) raqamlashtirish bo‘yicha axborot tizimlarini joriy etish xarajatlarining 50 foizi, biroq besh ming dollardan oshmaydigan qismi qoplanadi.

Import qilingan dori vositalarini faqat rasmiy importchilar va ularning dilerlari sotishi mumkin bo‘ladi

1-iyuldan boshlab O‘zbekistonga olib kirilayotgan dori vositalarini ularning ulgurji va chakana savdosi bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlarga sotish faqat import qiluvchi tashkilotning o‘zi yoki uning rasmiy dilerlari tomonidan — elektron hisob-faktura asosida amalga oshiriladi.

Demak, import qilingan dori vositalarini faqat o‘zlari import qilgan korxonalar yoki ularning rasmiy dilerlarigina sotishi mumkin bo‘ladi. Mustaqil brokerlar va ruxsatsiz tashkilotlar bunday dori vositalarini qonuniy ravishda sota olmaydi.

Og‘ir holatlarni davolash uchun shifokorlarga bonuslar beriladi

1-iyuldan boshlab respublikaning barcha davlat tibbiyot muassasalarida kasallikning og‘irlik darajasi va davolashning murakkabligidan kelib chiqib, maxsus ko‘nikmalarni talab qiladigan davolash choralarini ko‘rgan hamda yuqori xavf darajasiga ega bo‘lgan amaliyotlarni samarali amalga oshirgan shifokorlarning oylik lavozim maoshlariga 25 foizdan 100 foizgacha ustama to‘lash tizimi joriy qilinadi.

 Shuningdek, ko‘rish bo‘yicha I guruh nogironligi bo‘lgan fuqarolarga, yadro poligonlari va boshqa radiatsiya-yadro obyektlarida harbiy xizmatni o‘tagan shaxslarga avtomatik ravishda kompensatsiyalar hisoblanadi.
 
Manba: Gazeta.uz 
10 Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech