O‘tgan uch yilda viloyat hokimi o‘rinbosarlari, tuman hokimlari xorijiy investorlar bilan 600 dan ziyod kelishuvga erishgani bilan, ularning atigi uchdan biri loyihaga aylangani tanqid qilindi.
O‘tgan yili kiritilgan investitsiyalarning yarmidan ko‘pi Baliqchi, Buloqboshi, Andijon tumani va shahriga to‘g‘ri keladi. Paxtaobod, Izboskan va Shahrixonda bu 50 million dollarni tashkil etgan, xolos.
Mutasaddilarga elektron platforma yaratib, xorijiy investorlar bilan o‘tkazilgan uchrashuvlar ro‘yxatini yuritish, ular ko‘targan har bir masala bo‘yicha aniq ijrochilarni belgilab, kunlik nazorat tizimini yo‘lga qo‘yish topshirildi.
Har yili Andijondan Qirg‘izistonga 200 million dollarlik eksport amalga oshirilmoqda.
Qo‘rg‘ontepa va Xo‘jaobodda ham xuddi Afg‘oniston chegarasidagi kabi erkin savdo va sanoat zonalari tashkil etish muhimligi ta’kidlandi. Mutasaddilarga tadbirkorlar bilan maslahatlashgan holda ushbu ikkita hududdan bittasini tanlab, master-reja ishlab chiqish topshirildi.
Xo‘jaoboddagi “Do‘stlik” postidagi katta tirbandlikdan aholi ham, tashuvchilar ham norozi ekaniga e’tibor qaratildi. Mas’ul vazirlik va idoralar oldiga tirbandlik sababini o‘rganib, tez fursatda buning yechimi bo‘yicha taklif berish vazifasi qo‘yildi.
"O‘zbekiston-Qirg‘iziston-Xitoy” temir yo‘lini qurish bo‘yicha yirik loyiha ishga tushishi natijasida tashish muddati 1 haftaga, masofasi 1 ming kilometrga qisqaradi, yuk tashish 10 barobar oshadi.
"Lekin, ichki temir yo‘l tarmoqlarimiz, bojxona punktlari, stansiyalar bu yukni qabul qilish va o‘tkazishga qanchalik tayyor?", - deya savol qo‘ydi davlatimiz rahbari.
Mutasaddilarga bu boradagi hisob-kitoblarni qilib, amalga oshiriladigan ishlar bo‘yicha dastur tayyorlash topshirildi.
Bir hafta ichida Andijonda 360 ta bo‘sh va samarasiz ko‘chmas mulk aniqlandi. Shuningdek, 96 ta bino-inshootlar ochiq auksionda yillab sotilmayapti.
Bu obyektlar qulay shart asosida sotilsa, tadbirkorlar loyiha qilib, ish o‘rni yaratadi.
Masalan, Andijon shahri endokrinologiya markazidagi 20 sotix, yonidagi 1-son poliklinikaning 30 sotix bo‘sh yeri auksionga chiqsa, tadbirkor 20 million dollarlik 600 o‘rinli xususiy tibbiyot markazi qurmoqchi. Yoki, Andijon tumani O‘rikzor mahallasidagi ta’mirtalab “O‘quvchi yoshlar markazi” auksionga qo‘yilsa, bu yerga 35 million dollar investitsiya kiritib, jami 6 ming o‘rinli bog‘cha, maktab, texnikum va oliygohdan iborat ta’lim klasteri qilaman, degan tadbirkorlar ham bor.
Mutasaddilarga bo‘sh yotgan barcha yer va binolarni auksionga chiqarish topshirildi.
"Hammani qattiq ogohlantiraman – tibbiyot va ta’lim tashkilotlariga tegishli bo‘sh binolar faqat “profili”ni o‘zgartirmaslik sharti bilan beriladi", - dedi Prezident.
Bosh prokuraturaga bu borada qat’iy nazorat o‘rnatish topshirildi.