Ру Ўз O'z En

Yangiliklar

15 Yanvar 2025

Bir qator davlat aktivlarini xususiylashtirish natijalari boʻyicha axborot

I. Avval maʼlum qilinganidek, tegishli xususiylashtirish dasturlariga muvofiq, “Avtokomponent” MChJ (keyingi oʻrinlarda – Korxona) ustav kapitalidagi 98,8 foiz davlat ulushini sotish boʻyicha ochiq savdo jarayonlarining Majburiyatga ega boʻlgan takliflar (BO)ni taqdim etish bosqichi boshlangan.  

Ushbu bosqichda, Axborotni oshkor etmaslik toʻgʻrisidagi bitimni (NDA) imzolagan talabgorlarga xususiylashtirish boʻyicha konsultant “Portfolio Investments” kompaniyasi (keyingi oʻrinlarda – Konsultant) tayyorlagan Korxonaning moliyaviy, soliq, huquqiy va ekologik faoliyati yuzasidan kompleks tahlil (due diligence) hisobotlari bilan tanishish, shuningdek, Korxonaning boshqaruv organi bilan uchrashish imkoniyati yaratildi.

Belgilangan muddatlarda Konsultantga Korxonani sotib olish boʻyicha 2 nafar talabgorlardan Majburiyatga ega boʻlgan takliflar (BO) kelib tushdi hamda 105 mlrd soʻm miqdoridagi eng yuqori xarid bahosini taklif qilgan AJ shaklidagi “Uz-Dong Won Ko” Oʻzbekiston-Janubiy Koreya qoʻshma korxonasi (hozirgi nomi "BEST PIPE AND PARTS" AJ) savdo gʻolibi deb topildi.

Shuningdek, Xaridorning taklifi Konsultant tomonidan hisoblangan Korxonaning indikativ narxlar oraligʻining yuqori qismida joylashgan hamda Korxonaning baholangan qiymatidan yuqori.

Shu bilan birga, Korxonaning asosiy faoliyat turini 10 yildan kam boʻlmagan muddat davomida saqlab qolish, mahsulotlarning litsenziati boʻlgan “General Motors” kompaniyasi (AQSh) tomonidan tasdiqlangan yetkazib beruvchi bilan texnik qoʻllab-quvvatlash boʻyicha litsenziya kelishuvlariga va “General Motors” texnologiyalari bilan bogʻliq texnologik jihozlardan foydalanish yuzasidagi "Bosh Alyans" kelishuvida oʻrnatilgan talablar va tegishli cheklovlarga qatʼiy rioya qilish kabi shartlar Xaridor tomonidan qabul qilingan.

Korxonani xususiylashtirish natijalari Davlat aktivlarini xususiylashtirish va xususiylashtirish jarayonlarini muvofiqlashtirish davlat komissiyasining tegishli qarori bilan maʼqullangan.

Maʼlumot uchun: AJ shaklidagi “Uz-Dong Won Ko” Oʻzbekiston-Janubiy Koreya qoʻshma korxonasi – 1996-yilda davlat roʻyxatidan oʻtgan boʻlib, avtotransport vositalari uchun butlovchi qismlar va aksessuarlar ishlab chiqarish faoliyati bilan shugʻullanadi.

II. Avval maʼlum qilinganidek, tegishli xususiylashtirish dasturlariga muvofiq, Trest-12” AJ (keyingi oʻrinlarda - Korxona) ustav kapitalidagi 51,12 foiz davlat ulushini sotish boʻyicha ochiq savdo jarayonlari boshlangan.

Xususiylashtirish jarayoni doirasida, xususiylashtirish boʻyicha konsultant Deloitte” konsalting kompaniyasini (keyingi oʻrinlarda – Konsultant) tomonidan keng qamrovli marketing ishlari amalga oshirildi, jumladan, investitsiya tizerlari salohiyatli investorlarga yuborildi. Natijada, 4 nafar xorijiy va mahalliy investorlar tomonidan sotib olish boʻyicha qiziqish bildirish toʻgʻrisidagi arizalar (Expression of Interest) Konsultantga kelib tushdi.

Shu oʻrinda, Konsultant tomonidan mazkur bosqichda avvaldan belgilangan mezonlarga muvofiq boʻlgan 3 nafar talabgor xususiylashtirish jarayonining keyingi – Majburiyatga ega boʻlgan takliflar (BO)ni taqdim etish bosqichida ishtirok etish uchun taklif qilindi.

Ushbu bosqichda, Axborotni oshkor etmaslik toʻgʻrisidagi bitimni (NDA) imzolagan talabgorlarga Konsultant tayyorlagan Korxonaning moliyaviy, soliq, huquqiy va ekologik faoliyati yuzasidan kompleks tahlil (due diligence) hisobotlari bilan tanishish, shuningdek, Korxonaning boshqaruv organi bilan uchrashish imkoniyati yaratildi.

Belgilangan muddatlarda Konsultantga Korxonani sotib olish boʻyicha 2 nafar talabgorlardan Majburiyatga ega boʻlgan takliflar (BO) kelib tushdi hamda 111 mlrd soʻm miqdoridagi eng yuqori xarid bahosini taklif qilgan “Delta Global Dynamics” MChJ savdo gʻolibi deb topildi.

Shuningdek, Xaridorning taklifi Konsultant tomonidan hisoblangan Korxonaning indikativ narxlar oraligʻining yuqori qismida joylashgan hamda Korxonaning baholangan qiymatiga muvofiq.

Shu bilan birga, 2 yil mobaynida Korxonada mavjud ish oʻrinlarini va ishchilar sonini saqlab qolish (tabiiy sabablar bilan boʻshaydigan ish oʻrinlari bundan mustasno), amaldagi ish haqi fondi miqdorini kamaytirmaslik va jamoa shartnomasi shartlarini yomonlashtirmaslik kabi shartlar Xaridor tomonidan qabul qilingan.

Korxonani xususiylashtirish natijalari Davlat aktivlarini xususiylashtirish va xususiylashtirish jarayonlarini muvofiqlashtirish davlat komissiyasining tegishli qarori bilan maʼqullangan.

2487 Chop etish