Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Andijon viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va aholi daromadlarini oshirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazilmoqda.
Joriy yilning birinchi yarmida viloyat iqtisodiyoti 8,8 foiz, sanoat 9,2 foiz, xizmatlar 16,1 foiz, investitsiyalar 8,9 foizga o‘sgani qayd etildi.
– Bizga o‘sishdagi raqamlar emas, balki har bir ko‘rsatkich har bir oilaning kundalik hayotiga qanday o‘zgarish olib kirgani muhim,
– dedi davlatimiz rahbari.
Andijonda yer va tabiiy boyliklar cheklangan bo‘lsa-da, harakatchan aholi, kuchli tadbirkorlik ruhi, ko‘p sonli yoshlar, sanoat maktabi va katta bozor kabi imkoniyatlar borligi ta’kidlandi.
So‘nggi o‘n yilda viloyatga respublika budjetidan 20 trillion so‘m, banklar tomonidan tadbirkorlik uchun 90 trillion so‘m yo‘naltirildi. Birgina joriy yilda aholi farovonligini oshirishga 6 trillion so‘m ajratildi.
Hokimlarga berilgan vakolatlar va yaratilgan moliyaviy imkoniyatlar shunga munosib natijaga aylanishi zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Yig‘ilishda investitsiyalarning hajmi bilan birga sifati, tarkibi va iqtisodiyotga beradigan samarasiga alohida e’tibor qaratildi.
Yaqinda sanoat va tadbirkorlik uchun ajratilgan 1 ming gektar maydon Andijonda 7 milliard dollar investitsiya va kamida 70 ming yuqori daromadli ish o‘rniga aylanishi kerakligi ta’kidlandi.
Shu bilan birga, joriy yilga rejalashtirilgan 3,5 milliard dollar investitsiyaning mamlakatlar va tarmoqlar bo‘yicha tarkibi yetarlicha diversifikatsiya qilinmagani qayd etildi.
Axborot texnologiyalari xizmatlari eksporti va malakali kadrlar mavjud bo‘lsa-da, sohaning texnologik bazasini mustahkamlashga investitsiyalar yetarli yo‘naltirilmayapti.
Davlatimiz rahbari sarmoyalarni yuqori qo‘shilgan qiymat, zamonaviy texnologiya va barqaror ish o‘rinlari yaratadigan yo‘nalishlarga jalb qilish zarurligini ta’kidladi.
Asakada avtomobilsozlik va mashinasozlik bo‘yicha shakllangan 30 yillik tajriba asosida o‘z texnologiyalarini yaratishga o‘tish vazifasi qo‘yildi.
Shu maqsadda “Asaka muhandislik vodiysi”ni tashkil etib, dasturiy mahsulotlar, elektronika, elektromexanika va muhandislik xizmatlari zanjirini yo‘lga qo‘yish muhimligi ta’kidlandi.
Viloyatda muhandislik, energetika, sanoat va axborot texnologiyalari yo‘nalishlarida 10 ming talaba tahsil olmoqda. Ularning g‘oyalarini tayyor mahsulotga aylantiradigan tadqiqot va ishlanmalar markazlarini rivojlantirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
To‘qimachilikda ham mavjud quvvatlardan yuqori samara bilan foydalanish imkoniyatlari bor. Yevropadan dizayner, konstruktor va brendlarni jalb qilib, qiymati yuqori mahsulotlar ishlab chiqarishga o‘tish orqali soha eksportini 1,5 milliard dollardan oshirish mumkinligi qayd etildi.
Endi viloyatda investitsiya natijadorligi har bir kvadrat metr maydonda yaratilgan qo‘shilgan qiymat bilan baholanishi belgilandi.
Qoraqalpog‘iston tajribasi asosida qolgan 13 ta hudud uchun ham loyihalar menejeri lavozimlari joriy etilishi belgilandi.
Andijondagi loyihalar menejeri viloyatning yangi investitsiya modelini yaratishga mas’ul bo‘ladi.
Bu jarayonda har bir tumanning sanoat, xizmatlar va qishloq xo‘jaligi imkoniyatlari sun’iy intellekt yordamida baholanadi. Yuqori qo‘shilgan qiymat yaratish imkoni bo‘lgan sohalar aniqlanib, xorijiy sarmoyalarni jalb qilish rejasi ishlab chiqiladi.
Aylanmasi 100 milliard so‘mdan yuqori 104 ta korxona faoliyatini kengaytirish orqali qo‘shimcha 20-30 ming ish o‘rni yaratish bo‘yicha loyihalar tayyorlanadi. Aylanmasi 1 trillion so‘mdan oshgan 4 ta korxonada texnologik modernizatsiya hisobiga qo‘shilgan qiymatni 40-50 foizga ko‘paytirish choralari ko‘riladi.
Kelgusi yil Andijonda kamida 10 foiz iqtisodiy o‘sishni ta’minlash, 5 milliard dollar investitsiya jalb qilish va eksportni 1,5 milliard dollarga yetkazish vazifasi qo‘yildi.
Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash uchun chorvachilik, parrandachilik va baliqchilikda yirik komplekslarni ko‘paytirish vazifalari belgilandi.
Ulug‘norda paxtadan ozuqa ekinlariga o‘tkazilgan 5 ming gektar maydon kamida 10 ming bosh qoramol boqish imkonini beradi. Dala chetlaridagi yerlardan samarali foydalanish orqali ham chorvachilikni kengaytirish mumkin.
Yil yakunigacha shunday maydonlarning kamida 200 gektarida chorva boqish uchun sharoit yaratish, Ulug‘nor va Bo‘stonda yirik chorvachilik komplekslari loyihalarini ishlab chiqish topshirildi.
Baliqchida ishga tushirilgan 20 million dollarlik tovuq go‘shti kompleksi tajribasi asosida Jalaquduqda 4 ta, Xo‘jaobodda 3 ta shunday kompleks loyihasini boshlash vazifasi qo‘yildi.
Shuningdek, Ulug‘nordagi 1 ming 200 gektar maydonda Baliqchi tumani tajribasi asosida baliqchilik klasteri tashkil etiladi.
Jalaquduq, Marhamat, Asaka va Andijon tumanlaridagi adir yerlarini iqtisodiy aylanmaga kiritish bo‘yicha yangi choralar belgilandi.
Alohida “Agrostar” kompaniyasi tashkil etilib, bahorgacha 4-5 ming gektar maydonga suv chiqarish va shaftoli, gilos, o‘rik, olxo‘ri kabi sanoatlashgan bog‘larni barpo etish boshlanadi. Bog‘lar uch yil parvarishlanib, aholiga tayyor holda taklif qilinadi.
Ushbu maqsadga 30 million dollar, adirlarga suv chiqarish uchun esa 200 milliard so‘m ajratiladi.
Viloyatda yetishtirilayotgan meva-sabzavotning hozircha 16 foizi qayta ishlanayotgani qayd etildi. Kichik uskunalarni aholiga lizingga berish va tuman brendlarini yaratish orqali bu ko‘rsatkichni 30 foizga, eksportni 500 million dollarga yetkazish mumkin.
Meva-sabzavotchilikda “gektardan – maksimal qiymat” tamoyiliga o‘tiladi. Kichik qayta ishlash uskunalarini lizingga berish uchun 100 milliard so‘m yo‘naltiriladi.
Baliqchida 5 gektarda tashkil etilgan issiqxona loyihasi respublika bo‘ylab ommalashtiriladi. Bunga 300 milliard so‘m, shu jumladan, Andijonga 50 milliard so‘m ajratiladi.
Tashqi bozorda paxtaga talab pasayib, eksportda logistika xarajatlari oshib borayotgan sharoitda fermerlar, klasterlar va tayyor mahsulot ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash choralari e’lon qilindi.
Paxtani birjada sotgan fermerga ham, uni sotib olgan klasterga ham har tonna uchun 500 ming so‘mdan subsidiya beriladi. O‘z yerida paxta yetishtirgan klasterlar esa gektariga 1,5 million so‘mdan subsidiya oladi.
Mutasaddilarga tayyor mahsulot eksportchilarining xorijiy valyutadagi kreditlari bo‘yicha foizlarning 5 foizdan, milliy valyutadagisining 14 foizdan oshgan qismini uch yil davomida kompensatsiya qilish bo‘yicha hisob-kitoblarni kiritish topshirildi.
Shuningdek, marketpleyslar orqali sotilgan mahsulot qiymatining 3 foizini qaytarish masalasi bo‘yicha takliflar tayyorlanadi.

